Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori qamaldi
“Hozir dastlabki tergov jarayoni ketyapti. Balki, moliyaviy xatoliklar bo‘lgandir, balki, qabul bilan bog‘liq holatlar bo‘lishi mumkin”, — dedi Abduqodir Toshqulov.

Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori Botirjon Sulaymonov hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 16-iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, hozirda universitetga Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev rektorlik qilmoqda.
“Agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufida. Bu universitetga hozir Qishloq xo‘jaligi vaziri rektor sifatida faoliyat ko‘rsatyapti. U yerda juda katta attestasiya o‘tkazildi. Juda ko‘p o‘qituvchilar ishdan bo‘shatildi. Botir Sulaymonov ishiga kelsak, tergov jarayoni ketayotgani uchun men bir narsa ayta olmayman. Eng muhimi, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Hozir dastlabki tergov jarayoni ketyapti. Balki moliyaviy xatoliklar bo‘lgandir, balki qabul bilan bog‘liq holatlar bo‘lishi mumkin. Ba’zi oliy ta’lim muassasalarini tekshirganimizda shunaqa xatoliklar chiqyaptiki, super kontraktda o‘qishi kerak bo‘lgan bola oddiy kontrakt bilan o‘qishi holatlari kuzatilmoqda. Menda rektor bilan ham shunga o‘xshash tekshirish chiqdi, degan qarash bor. Ammo tergov tugaguncha biror narsa ayta olmaymiz. Xatoliklar bo‘lmaganda rektorga nisbatan bunaqa katta ish ochilmasdi”, – deya ma’lumot bergan vazir.








