Andijonda umumiy ovqatlanish oshxonasi yonib ketdi
Hodisa joyiga 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan.

Bugun, 17-iyun kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanida umumiy ovqatlanish binosida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 06:52 da Marhamat tumani “O‘zbekiston” MFY Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan “Beshbola” umumiy ovqatlanish oshxonasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 06:56 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 07:08 da qurshab olingan va soat 07:58 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Oshxona 3-qavatining taxminan 250 kvadrat metr maydonida binoning tom, shift va ichki qismi yonib zararlangan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Andijonda ikki qavatli savdo markazining yerto‘lasida yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi.








