Ohangaronda 200 dan ortiq xotin-qiz agrobiznesni o‘rganmoqda
“Agrar soha ayollari” uyushmasi tomonidan ular uchun amaliy seminar tashkil etildi.

14-iyun kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovasion tizimini rivojlantirish (UAKIS)” loyihasi doirasida shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda sigirlarni to‘g‘ri parvarishlash, sog‘lom nasl olish, mahsuldorlikni oshirish va yetishtirilgan sutni kooperasiya asosida qayta ishlashni tashkil etishga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yetishtirilayotgan chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortig‘i shaxsiy-yordamchi xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelib, bunda sut ishlab chiqarish alohida ahamiyatga ega. Ohangaron tumani tuproq-iqlim sharoiti chorvachilikka mos bo‘lgani, aholining chorva mollarini parvarishlash va mahsulotlar ishlab chiqarishdagi tajribasi va imkoniyatidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida bir qator qarorlar, davlat dasturlari qabul qilinib, tumanda sut va go‘sht ishlab chiqarish xajmlari ortib bormoqda.
“Loyiha natijasida sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlari, qishloq aholisi daromadlari ko‘payadi, tumanda ekologik vaziyat yaxshilanadi, bu esa tuman aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilashga, aholi turmush farovonligini oshirishga, aholi va qashshoqlikni kamaytirishga bevosita ta’sir qiladi”, — O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi Adiba Axmedjonova.
Ta’kidlanishicha, maishiy sharoitda sut yetishtirishning yangi texnologiyalari, shuningdek, sut mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish sohasida orttirilgan tajriba va ko‘nikmalar Toshkent viloyatining boshqa tumanlariga ham yetkaziladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi Ohangaron tumanida qiymat zanjirini yaratish maqsadida chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlovchilar o‘rtasida sut tayyorlashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohada ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha yangi loyihani ishlab chiqadi.








