O‘zbekistonda sariq rangli tarvuz yetishtirilmoqda
Yangi nav qizil tarvuzga qaraganda tezroq pishadi va urug‘i bo‘lmaydi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi “Imronbek Shahruza MCHJ" fermer xojaligida urug‘i Janubiy Koreyadan keltirilgan “Riamo” navli sariq tarvuz yetishtirilmoqda. Bu haqda “Agro inform” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2015-yilda tashkil etilgan ushbu xo'jalikning umumiy ekin maydoni 86 gektar bo‘lib, shundan uch yarim gektarida sariq (ikki yildan beri hosil olinmoqda) va qizil tarvuz ekilgan.
Sariq tarvuz chet ellik selesioner olimlar tomonidan yovvoyi va madaniy tarvuzni chatishtirish orqali olingan gibrid hisoblanadi. Ilk hosil O‘rtayer dengizi mamlakatlaridan olingan bo‘lsa, bugun butun dunyo bo‘yicha yetishtirilmoqda. Tashqi korinishdan sariq tarvuzlar ovalsimon yoki dumaloq bo‘ladi. Po‘sti yashil, silliq yoki yo‘l-yo‘l rangda. Sabzavotning ichi sariq rangda hamda vazni o‘rtacha 1,5 kilogramdan 4-5 kilogramgacha bo‘ladi.
Sariq tarvuzning urug‘lari kamroq yoki umuman bo‘lmaydi. Ta’mi mango, limon va ananasga o‘xshab ketadi. Sariq tarvuz navlari qizilga qaraganda sal oldinroq pishadi, ya’ni tezpishar sanaladi.
Sariq tarvuz tarkibida A, B1, B2, B5, B6, B9, E, C, PP vitaminlari bor. Shuningdek, kalsiy, kaliy, magniy, temir, natriy, fosfor moddalariga serob. U immun tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, turli infeksiya, viruslarga qarshi kurashishda yordam beradi. Eng muhimi, sariq tarvuz parhezda bo‘lgan, allergiyasi bor odamlar uchun foydali.








