Nodavlat notijorat tashkilotlarning grant loyihalariga davlat organlari tomonidan amaliy ko‘mak beriladi
Bu bo‘yicha Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

13-iyun kuni Hukumat qarori bilan “Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar qildi.
Nizomga muvofiq, nodavlat notijorat tashkilotining xalqaro grant loyihasiga tegishli sohada vakolatli davlat organi milliy hamkor sifatida jalb etiladi. Milliy hamkor xalqaro grant loyihasining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, loyihani amalga oshirishda vujudga keladigan muammolarni tezkor hal etish, loyihaning mazmunidan kelib chiqib uni amalga oshirishda boshqa davlat organlarini jalb qilish va boshqa vazifalarni bajaradi.
Xalqaro grant loyihasini amalga oshirishda NNTga davlatning ko‘magini samarali tashkil etish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti bilan kelishilgan holda “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.
“Asosiy maqsad NNTning xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari tomonidan yuridik va texnik yordam ko‘rsatish, loyihani aholining ijtimoiy muammolarini samarali hal etishga yo‘naltirishda uslubiy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat”, — deyiladi xabarda.
Nizom bilan davlat organlari zimmasiga nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuklatildi.








