Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati o‘rnatiladi — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, Bosh qomus islohotlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Bugun, 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
So‘nggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitusiyani takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab fikrlar bildirib kelinayotgan edi. Shuni inobatga olib, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi. O‘tgan bir oy davomida mazkur komissiyaga aholidan 48 ming 492 ta taklif kelib tushdi.
Uchrashuvda davlat rahbari aholining bunday faolligini, mamlakat kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholab, konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yangilangan Konstitusiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitusiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident o‘z ma’ruzasida to‘rtta ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratib, ularning har biri bo‘yicha takliflarini aytdi.
Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
“Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitusiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart. Yangilanayotgan Konstitusiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, o‘zining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur”, – dedi Prezident.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani ta’kidlanib, Konstitusiyaga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan normani kiritish taklifi bildirildi.
Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emasligini qat’iy yozib qo‘yish zarurligi aytildi.
Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy munosabatni ta’minlash bo‘yicha konstitusiyaviy asoslarni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerakligi ta’kidlandi.
Ikkinchi yo‘nalishda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya ilgari surildi.
Ma’lumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari yaratib beradi, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi. Shu bois bu yo‘nalishda aholini uy-joy bilan ta’minlash, oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, bolalarning manfaatlari va to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, inson salomatligi va ekologiyani asrashga oid takliflar bildirildi.
“Bir so‘z bilan aytganda, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitusiyada mustahkamlanishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchinchi yo‘nalish Konstitusiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida bo‘ldi. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga ko‘mak ko‘rsatishiga oid tamoyillar o‘z ifodasini topadi.
To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim.
“Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni ko‘zlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati o‘rnatiladi. Konstitusiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritishni taklif qilaman”, – dedi Prezident.
Jumladan, hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish, Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitusiyadan chiqarib tashlash vaqti kelgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari Konstitusiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi. Bu qoida orqali xalq bevosita tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi. 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hukumat vakolatlarini ham kengaytirib, Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar, oilani qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini Konstitusiyada belgilash lozimligi qayd etildi. Jahonda tub o‘zgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda, O‘zbekiston tashqi siyosatining konseptual-huquqiy asoslarini yangilash va takomillashtirish muhimligi ham ta’kidlandi.
Ma’lumki, Konstitusiyaviy komissiya tomonidan umumlashtirilgan takliflarni endi Qonunchilik palatasi deputatlari qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament quyi palatasiga kiritadi. Parlamentda ular chuqur muhokamadan o‘tkazilib, yangilangan Konstitusiya loyihasi tayyorlanadi. Qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitusiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin Prezident Konstitusiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi.
“Konstitusiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitusiyasi bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.
Shu bois, Prezident xalqqa murojaat qilib, konstitusiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi.
“Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir! Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv samimiy muloqot tarzida davom etdi. Konstitusiyaviy komissiya a’zolari so‘zga chiqib, aholining takliflari, islohotlar zarurati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.








