Xitoyda bug‘doy va sarimsoq piyoz evaziga uy sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi
Bu imkoniyat mamlakatda ko‘chmas mulkka talab pasayishi fonida yuzaga kelgan.

Xitoyning Central China Real Estate qurilishi kompaniyasi yangi qurilgan uylar uchun oziq-ovqat mahsulotlarida to‘lov qilishga ruxsat berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Bundan tashqari, dastlabki to‘lov sifatida fermerlar sarimsoq piyoz yoki bug‘doy ko‘rinishidagi mahsulotlarni kiritishi mumkin. Xususan, ular 160 ming yuanlik bug‘doy bilan to‘lovni amalga oshirishi imkoni yaratilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad Xenan provinsiyasi, Shansyu shahridagi River Mansion turarjoy kompleksi qurilishini tugatishdan iborat. Hozirda Xitoyda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab keskin pasaygan. Kompaniya o‘z loyihalariga ko‘proq xaridor jalb qilish uchun shu ishga qo‘l urgan.
Bu kelishuv fermerlarga katta qulaylik yaratadi: Central China bug‘doyning bir kilogrammini 4 yuanga baholagan. Davlat esa unga maksimal 3-3.1 yuan to‘laydi. Bundan bir oy ilgari kompaniya sarimsoq piyozning 1 kilogrammiga 10 yuan taklif qilgandi.
Avvalroq Xitoy va Rossiyani bog‘lovchi temiryo‘l ko‘prigi qurilishi yakunlangandi.







