Rossiya nefti Osiyodan boshqa raqobatchilarni “surib chiqarmoqda”
Bunga Moskva taqdim etayotgan katta chegirmalar sabab bo‘lgan.

Katta chegirmalar tufayli Osiyo davlatlari Rossiya energetik resurslarini afzal ko‘rmoqda. Bu esa Iroqning bozordagi pozitsiyalarini zaiflashuviga olib keldi.
Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, Iroq neftining anʼanaviy xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindiston RFdan “qora oltin” sotib olishni ko‘paytirgan.
“Bag‘dodning ushbu turdagi neftini sotib olish va sotish bilan shug‘ullanadigan treyderlarning so‘zlariga ko‘ra, shu paytga qadar Iroqning Basrah Medium va Basrah Heavy neftining spot xaridlari amalga oshirilmagan. Bundan tashqari, bu yil slanes neftining tenderlari o‘tkazilmagan”, – deyiladi Bloomberg maqolasida.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi vaqtda Iroq o‘z mahsulotlari jozibadorligini oshirish maqsadida importyor davlatlarga chegirmalar joriy qilish ustida ish olib bormoqda. Bundan tashqari, Iroqning neft bozoridagi pozitsiyalarni yo‘qotishiga uning “qora oltini”ning tabiiy xususiyatlari sabab bo‘lgan: undan benzin yoki dizel olish Rossiya neftiga qaraganda murakkabroq.
Bag‘dod Hindistonga eng ko‘p neft yetkazib beradigan davlat maqomini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Moskva ham bu yo‘nalishga eksportini keskin oshirgan (Masalan, aprel oyida sutkasiga 277 ming barrel neft sotilgan bo‘lsa, mayda bu ko‘rsatkich 819 ming barrelga yetdi). Bu Rossiyani Hindistonga neft yetkazib beruvchi davlatlar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa chiqishiga olib keldi. Xitoyga esa eksport yillik ko‘rsatkichda 55 foizga oshgan va may oxirida xomashyo yetkazib berish rekord darajaga yetdi. Natijada Moskva Saudiya Arabistonidan o‘zib ketib, xitoyliklarga “qora oltin” yetkazib berishda birinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq Rossiya neft va gazdan rekord miqdorda daromad olayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







