“To‘palang” suv omboridan suv chiqishi sababi maʼlum qilindi
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzilaning bunga taʼsiri yo‘qligi aytilmoqda.

Kecha, 22-iyun kuni “To‘palang” suv omboridan suv toshgandi. “O‘zbekgidroenergo” AJ mutaxassislari holat yuzasidan maʼlumot berdi.
“Suv omborida yangi ishga tushirilayotgan GESning modernizatsiya vaqtida suv quvuridagi bosim ortgan. Sekundiga 40 tonna oqayotgan suv avtomatik ravishda boshqarilmay qolgan va suv kanalga oqqan. Kanaldagi sig‘im esa sekundiga 160 tonna suvni ham bemalol oqiza oladi. Odamlar vaziyatdan foydalanib, kanalda oqayotgan suvlarni videoga olib, vahimali, noto‘g‘ri axborot tarqatishgan. Suv omborida hech qanday muammo yo‘q”, - deydi AJ Axborot xizmati rahbari Ravshan Baykulov.
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzilaning bunga taʼsiri bormi?
“Afg‘oniston janubi-sharqidagi Paktika va Xost viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzilaning To‘polang suv omboriga umuman taʼsiri yo‘q. Bu borada, To‘polang suv ombori mutlaqo xavfsiz. Mazkur zilzilaning O‘zbekistonga, bevosita Surxondaryo viloyatiga sezilish kuchi taxminan 3 ball (281 km) ni tashkil etgan”, - deydi AJ Xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Nodir Artikbayev.







