Surxondaryoda ikkita yuk mashinasi to‘qnashib, yonib ketdi
Hodisa oqibatida haydovchilar tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ikkita yuk mashinasi haydovchisi YPX xodimlaridan qochishga urinib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgani haqida videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan viloyati IIB JXX YHXB rasmiy munosabat bildirdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 23 iyun kuni taxminan 15:30 da Qiziriq tumani “Bo‘ston” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-103 avtomobil yo‘lining 29-kilometrida sodir bo‘lgan. Jarqo‘rg‘on tumani “Mehnatobod” mahallasida yashovchi fuqaro “ISUZI” rusumli avtomashinasida Sherobod-Jarqo‘rgon yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan, Sherobod tumani “Gulchinor” mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “KAMAZ 53206” rusumli yuk mashinasining harakat yo‘nalishiga chiqib ketishi oqibatida uning old qismi bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etadi. Oqibatda yuk mashinalarida yong‘in chiqqan va haydovchilar tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Tegishli tartibda har ikkala haydovchi spirtli ichimlik ta’siridan mast bo‘lganlikda gumonlanib, tibbiy tekshiruvga taklif etilgan. 1985-yilda tug‘ulgan “ISUZI” haydovchisi norkolog ko‘rigini rad etgan. Hozirda ish bo‘yicha sudga oid tibbiy va kimyoviy ekspertizalar tayinlangan. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Qiziriq tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.








