Xonanda Shohruh “udlinitel” bilan taqdirlangan bolaga kompyuter sovg‘a qilmoqchi
Sa’natkor bu qarori qat’iy ekanini aytib, bolani Instagram orqali aloqaga chiqishini so‘ragan.

Ijtimoiy tarmoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida IT-tanlov g‘olibiga elektr uzatish kabeli sovg‘a qilingani haqida xabarlar tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng tarmoqda bolaga tashkilotchilar tomonidan kompyuter berilgani aks etgan suratlar paydo bo‘ldi.
“Ummon” guruhining sobiq a’zosi Shohruh Instagram sahifasida “udlinitel” bilan taqdirlangan bolaga murojaat qildi.
Xonanda bolaga o‘zi kompyuter olib berishini ma’lum qilgan. Shohruh bu borada hazillashmasligini ta’kidlagan. Agar yigit shu gapdan xabar topsa, u bilan bog‘lanishini so‘rab yozgan.
“Yig‘lama o‘zimning ’itishnigim’. O‘zim bitta kompyuter sovg‘a qilaman. Men hazillashmadim. Rostdan shu bolaga sovg‘a qilaman. Agar xabarini topsa, menga aloqaga chiqsin. Profilimda nomer yozilgan yoki ’direct’ga yozsin”, — degan u.








