Jizzaxda ventilyator sabab uy yonib ketdi
Holat yuzasidan viloyat FVB ma’lumot berdi.

Bugun, 25-iyun kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida xonadonlarning birida yong‘in yuz berdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 9:10 larda Jizzax viloyati FVB tezkor boshqaruv markaziga Sharof Rashidov tumani “Xayrobod” MFY Boburtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.
Voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari chiqarilgan va alanga soat 9:49 da batamom o‘chirilgan. Hodisa oqibatida xonadonning 20 kvadrat metr maydonida binoning shift qismi yonib zararlangan. Jabrlanganlar yo‘q.
Qarovsiz qoldirilgan ventilyator yong‘inga sabab bo‘lgan. Hozirda ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








