Yangiyo‘lda yuk mashinasi avtobus bilan to‘qnashib ketdi
Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan. Yana bir yo‘lovchi jonlantirish bo‘limida.

Bugun, 26-iyun kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ikkita avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hodisa soat 07:00 atrofida Chinoz–Toshkent yo‘nalishida sodir bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan haydovchi A. S. “Isuzu” rusumli yuk mashinasini boshqarib borayotib, shu yo‘lning 825-qilometriga (Yangiyo‘l tumani hududi) yetganida o‘ziga nisbatan bir yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan, 1963 yilda tug‘ilgan haydovchi A.Ch. ning boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtobusning orqa qismiga borib urilgan.
Hodisa oqibatida 1983 yilda tug‘ilgan avtobus yo‘lovchisi F. O. (ayol) olgan tan jarohati sababli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, 2000 yilda tug‘ilgan yuk mashina yo‘lovchisi B. S. tan jarohati bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Avtobusdagi boshqa yo‘lovchilarga ham birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTHga yuk mashina haydovchisinining uxlab qolishi sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








