G7‘ning Ukraina bo‘yicha umumiy bayonoti qabul qilindi
Unda 2022 yilda Kiyevga 2.8 milliard dollar gumanitar yordam yetkazib berish tilga olingan.

“Katta yettilik” Ukraina bo‘yicha umumiy bayonot qabul qildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Unda G7 davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi taʼkidlangan. Ular Kiyev mojaro hal etilishida o‘z manfaatlariga ko‘ra harakat qilishi, unga tashqaridan hech qanday bosim o‘tkazmaslik zarurligini qayd etgan.
“Yettilik” 2022 yilda 2.8 milliard dollarlik gumanitar yordam ajratishi belgilangan. Bundan tashqari, ushbu davlatlar Ukrainaning tiklanishida yordam ko‘rsatishini eʼlon qilgan.
G7 yetakchilari Rossiyani ukrain g‘allasining portlardan erkin eksport qilinishiga qarshilik qilmaslikka chaqirgan. Shuningdek, ular Kiyevga maʼlumotlar almashinuvi, razvedka, axborot va dengiz xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq «Katta yettilik» Rossiya oltinidan voz kechmoqchi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgandi.







