Jizzaxda 2 ta do‘kon yonib ketdi
Oqibatda do‘konlarning 56 kvadrat metr qismi yonib zararlangan.

Bugun, 27-iyun kuni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 14:45 larda Do‘stlik tumani Do‘stlik ko‘chasida joylashgan dehqon bozori hududida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida Jizzax viloyati FVBga xabar kelib tushgan.
“Zudlik bilan hodisa joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yuborildi. Qutqaruvchilar yong‘in joyiga soat 14:48 da yetib borishdi. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qisqa muddatda yong‘in tarqalishining oldi olinib, soat 15:23 da yong‘inni batamom o‘chirishga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Ikkita do‘konning 56 kvadrat metr qismi yonib zararlangan. Hozirda yong‘in sababi va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi bozorda yirik yong‘in yuz bergandi. Oqibatda 3 ta oziq-ovqat do‘konining taxminan 70 kvadrat metr maydonida shift, tom qismi va oziq-ovqat mahsulotlari yonib, zararlangan.








