Samarqandda valyutafurush ushlandi
U 3,7 ming AQSH dollarini so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toyloq tumanida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqaro ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Toyloq tumani Charog‘bon mahallasida valyuta qimmatliklarini muomalaga kiritish faoliyati shug‘ullanib kelayotgan M. Sh. boshqa bir fuqaro E. ga jami 3700 AQSH dollarini 40,3 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








