Toshkentning 12 ta tarixiy darvozasi eskizlari namoyish etildi—foto
Shahar hokimi o‘rinbosari qadimiy darvozalarni qayta tiklash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Faxriddin Davrukov raisligida Toshkentning 12 ta tarixiy darvozalarini qayta tiklash bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvning birinchi qismida qadimgi darvozaga shartli ravishda o‘xshash zamonaviy inshootni qurish, darvozalar o‘rnidagi qurilmalar taqdiri, darvozalarni atrofdagi binolar, yo‘llar, bog‘lar, kanallar bilan optimal tarzda birlashtirish kabi konseptual masalalar muhokama qilingan.

Tadbirning ikkinchi qismida Yagona buyurtmachi xizmati Injiniring kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar ko‘rib chiqilgan. Kompaniya takliflarini kelgusi ish uchun zamin sifatida qabul qilishga qaror qilingan.
“Har bir masala yuzasidan takliflar bildirildi, fikr-mulohazalar to‘plandi. Ishchi guruh optimal yechim ishlab chiqish uchun yig‘ilishlarni davom ettiradi, uning natijalari haqida yana xabar beriladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 12 ta darvozasini qayta tiklash loyihasi Prezidentning “2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi Davlat dasturiga muvofiq amalga oshirilmoqda.








