Vashington diplomatlari Venesuelaga keldi
Tashrif oldindan eʼlon qilinmagan.

AQSH prezidentining garovga olinganlar bo‘yicha maxsus vakili Rodjer Karstens va Amerikaning Venesueladagi elchisi Jeyms Stori eʼlon qilinmagan tashrif bilan Karakasga keldi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Davlat departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu tashrif Venesuelada qo‘lga olingan AQSH fuqarolarini ozod qilish maqsadida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, energetika resurslariga bag‘ishlangan masalalar ham muhokama qilinishi mumkin.
So‘nggi vaqtlarda neft narxining keskin ko‘tarilishi ortidan Oq uy va qator G‘arb davlatlari Venesuela bilan neft yetkazib berish masalasida muzokara o‘tkazishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu mamlakat neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro ushbu tashrifni tasdiqlagan.







