Gʻuzorlik bemor bolaga Prezident maktub yozdi
Davlat rahbari o‘z xatida uning tezroq tuzalib ketishini tilagan.

6 oydan buyon Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan va qisqa muddatga uyiga qaytgan 8 yoshli g‘uzorlik Arslonbek Jo‘rayevga Prezidentdan xat keldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbarining maktubini Arslonbekning oila a’zolariga viloyat hokimi o‘qib eshittirgan. Bundan tashqari, Prezident nomidan estalik sovg‘alari, kitoblar to‘plami, turli o‘yinchoqlar va 10 million so‘m qo‘shimcha dori-darmonlar taqdim etilgan.
“Prezidentimizning maktubidan keyin huddiki Arslonjonim to‘liq davo topgandek, men esa yosharib ketgandek quvonchdan yig‘lab yubordim. Yurt otasi o‘z farzandidek “Arslonjon, o‘g‘lim” deya nabiramga xat yo‘llagani bizni 6 oy davomidagi azoblarimizni tarqatib yubordi”, — deydi bolaning momosi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrif buyurib, u yerda davolanayotgan bolalarning davlat rahbariga yo‘llagan maktublarini olgan.
“Hammasini o‘qib, albatta, javob beraman”, — degan edi Prezident o‘shanda.
Arslonjon Prezident bilan uchrashuvda kelajakda shifokor bo‘lishini, dunyoda bemor bolalar qolmasligi uning eng katta orzusi ekanini aytgandi.








