Orolbo‘yiga AQSHdan 2 mingdan ortiq tibbiyot uskunalari olib kelindi
Bu “Project C.U.R.E.” xayriya jamg‘armasi tomonidan yetkazib kelindi.

AQSHda joylashgan “Project C.U.R.E.” xayriya jamg‘armasi Orolbo‘yidagi tibbiyot muassasalari uchun 16.8 tonna gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotlariga ko‘ra, 4 konteynerda 2.9 ming dona tibbiyot uskunalari olib kelingan. Ular UZI, o‘pkani sunʼiy shamollatish, kislorod kondensatorlari, rentgen skanerlari, chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari va boshqa moslamalardan iborat.
Ushbu gumanitar yordam O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov va “Project C.U.R.E.” Duglas Jekson o‘rtasidagi kelishuv asosida Qoraqalpog‘istonga yetkazib berildi. Hozirda yana bir partiya gumanitar ko‘mak tayyorlanyapti.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Orol dengizi ekotizimini tiklashga yordam berishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







