Andijonda hokim yordamchisi o‘zini osib qo‘ydi
Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanida hokim yordamchisi F.A. o‘z joniga qasd qilgani va uning o‘limi yuzasidan yolg‘on axborot berilgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, 16 aprel kuni Marhamat tumani “Sho‘rqaqir” MFY Davlatobod ko‘chasida yashagan, joriy yilning yanvar oyidan buyon hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan F.A. yashash xonadonida o‘zini-o‘zi osib o‘z joniga qasd qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Marhamat tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, fuqaro F.A. ning badanida bo‘ynidagi osilishdan qolgan strangulyasion egat ko‘rinishidagi izlardan tashqari biron-bir tan jarohatlar aniqlanmagan.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida fuqaro F. A. ning o‘z joniga qasd qilganligi holatida o‘zga shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.








