Hindistonning Manipur shtatida ko‘chki qurbonlari soni 42 kishiga yetdi
Ulardan 27 nafari hududiy armiya harbiy xizmatchisi va 15 nafari tinch aholi vakillari bo‘lgan.

Noni viloyatidagi temir yo‘l qurilishi maydonchasidagi ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni ortdi. Yakshanba kuni vayronalar ostidan yana sakkiz kishining jasadi topilgan.
Ayni paytda shanba kunidan beri davom etayotgan kuchli yomg‘ir va yangi ko‘chkilar qidiruv ishlariga to‘sqinlik qilmoqda, 20 kishi bedarak yo‘qolgan. Hududiy armiyaning 13 nafar xodimi va besh nafar tinch aholi qutqarilgan.
Rasmiylarning aytishicha, hududda sakkiz shimoli-sharqiy shtat poytaxtlarini mamlakat temir yo‘l tarmog‘i bilan bog‘lash loyihasi doirasida 110 kilometrlik Djiribam-Impxal temir yo‘l liniyasi qurilmoqda. Ko‘chki Ijay daryosini to‘sib qo‘yishi natijasida sunʼiy suv ombori paydo bo‘lgan.
Bu esa, o‘z navbatida, quyida joylashgan aholi punktlarini suv bosishi xavfini tug‘dirdi.
Ayni paytda suv oqib ketishi uchun daryoni tozalash ishlari olib borilmoqda.







