O'zbekiston

Bu harakatlarga yillab tayyorgarlik ko‘rilgan—Prezident

Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Nukusdagi vaziyat haqida to‘xtalib, uning tashqi kuchlar tomonidan amalga oshirilganini aytdi.

Bu harakatlarga yillab tayyorgarlik ko‘rilgan—Prezident



Bugun, 6-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.


Yig‘ilish avvalida davlat rahbari Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida gapirib o‘tdi.


“Bu yerda sodir bo‘lgan noxush voqealar barchamizda tashvish va iztirob uyg‘otishi tabiiydir. Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi.


Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman.


Mana shunday daqiqalarda tinchlik va inson hayoti naqadar bebaholigini, uni asrab-avaylash naqadar muhim ekanini, bunga barchamiz mas’ul ekanimizni yanada chuqur his etamiz.


Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. 


Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan. Bu jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarur.


Shuning uchun, Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevga topshiriq – har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilsin va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilsin.


Shu o‘rinda, kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinsin. Agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlansin. 


Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘istondagi vaziyat izga tushmoqda. Eng asosiysi, aholining tinchligi va hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘q.


Iqtisodiyot tarmoqlari ishlamoqda. Odamlar kundalik ishlari va yumushlari bilan band. Dehqonlar o‘z dalasida ishlamoqda, peshona teri bilan yaratgan hosillarini yig‘ishtirmoqda.


Bozorlar, do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlaridan bu yerga oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilmoqda.


Davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillari va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari tomonidan hududda barqaror vaziyatni ta’minlash bo‘yicha uyushgan va muvofiqlashgan holda ish olib borilmoqda.


Yuz bergan voqealarni tahlil qilar ekanmiz, biz bir narsani hech qachon unutmasligimiz kerak: agar o‘z vaqtida qat’iy chora ko‘rilmasa, mehnatkash va bunyodkor xalqimiz o‘n yillar davomida mashaqqat bilan erishgan yutuq va marralar g‘arazli tashqi kuchlarning ta’siri bilan jiddiy xavf ostida qolishi mumkin ekan. 


Agar doimo hushyor va ogoh, qat’iyatli bo‘lib ish ko‘rmasak, yurtimiz, xonadonlarimiz tinchligi va osoyishtaligi, farzandlarimiz kelajagi osongina xavf ostida qolishi hech gap emas ekan.


Mana shu haqiqatni, bugungi kunda qanday notinch va murakkab zamonda yashayotganimizni joylardagi barcha rahbarlar yana bir bor har tomonlama chuqur tushunib olishlari lozim.


Hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida yangi keskinlik o‘choqlari paydo bo‘lmoqda, millatlar va konfessiyalar o‘rtasida qarama-qarshiliklar kuchaymoqda, radikalizm va ekstremizm xavfi tobora ortib bormoqda.


Mana shunday tahlikali sharoitda biz barqarorlik va xavfsizligimizga ziyon yetkazadigan har qanday tahdid va xatarlarga keskin qarshi turishimiz shart.


Ayni vaqtda shuni e’tirof etish kerakki, mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishidan manfaatdor bo‘lmagan turli buzg‘unchi tashqi kuchlar ham mavjud. 


Ushbu kuchlar tomonidan yurtimizdagi osoyishta vaziyatni izdan chiqarish, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga qaratilgan g‘arazli maqsadlar amalga oshirildi va bunday urinishlar bundan keyin ham sodir bo‘lishi mumkin.


Xalqimizni qat’iy ishontirib aytmoqchiman: davlatimiz, el-yurtimizga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan bunday kuchlarning har qanday yovuz fitna va harakatlariga o‘z vaqtida va keskin zarba berishga qodirmiz.


Ishonchim komilki, biz bugungi barcha qiyinchiliklarni albatta munosib ravishda, mardona yengib o‘tamiz.

 

Chunki xalqimiz azal-azaldan o‘zining donishmandligi, mardligi va matonati, do‘stlik va tinchliksevarlik fazilatlari bilan dunyoda obro‘-e’tibor va hurmat qozonib keladi. 


Bunday ezgu qadriyatlar bizning qonimizga, ruhimizga yoshlik chog‘imizdan boshlab chuqur singib ketgan. Va hech kim ularni bizdan tortib ololmaydi. 


Bugungi kunda butun xalqimiz va jamoatchiligimiz yanada jipslashib, barcha darajadagi rahbarlar hushyorlik va ogohlikni keskin oshirib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mamlakatimizni jadal rivojlantirish, xalqimizning farovonligini ta’minlash hamda odamlarni rozi qilish borasida belgilab olgan vazifalarimizni amalga oshirish uchun barcha kuch-imkoniyat va resurslarni safarbar etishimiz shart”,—dedi Prezident so‘zining yakunida.

 

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

«Centrum Air» yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagaji Istanbulda qoldirib ketildi.

Bu harakatlarga yillab tayyorgarlik ko‘rilgan—Prezident | Zamon.uz