Qurilish bilan bo‘lib, arxitektura orqada qolib ketdi—Shavkat Mirziyoyev
Prezident arxitektura sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor o‘tkazdi.

Bugun, 6-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish va ipoteka sohalarida islohotlarni jadallashtirish hamda arxitektura yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda so‘nggi besh yilda qurilish sohasi iqtisodiyotimizning “drayver” yo‘nalishiga aylangani ta’kidlandi. Bu davrda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, 21 ming servis-xizmat ko‘rsatish va 10,5 ming ijtimoiy soha ob’yekti qurildi, 31 ming korxona tashkil etildi. Qurilishda ruxsat berish jarayonlari 17 tadan 6 tagacha, yer ajratishdan boshlab qurilishga ruxsat olishgacha bo‘lgan muddat 286 kundan 86 kunga qisqardi.
“Shaffof qurilish” dasturi yaratilib, tenderlarda qatnasha oladigan qurilish korxonalari soni 18 mingga yetdi. Natijada qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021 yilda 107 trillion so‘mni, joriy yil 5 oyida esa 46 trillion so‘mni tashkil etdi.
“Ochiq aytish kerak, tadbirkorlarimiz qurilish qilish va qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘rganib oldi. Lekin sohada hali yechimini kutayotgan eng katta masala, bu – loyihalash va sifat. Loyihalarga to‘g‘ri yechim topish, mahalliy materiallarni ishlatish orqali qurilish qiymati va tannarxini bemalol 10 foizga kamaytirsa bo‘ladi. Bu har yili 10 trillion so‘mni iqtisod qilib, boshqa ehtiyojlarga ishlatish mumkin, degani”,—deb ta’kidladi Prezident.
Yig‘ilishda so‘nggi besh yilda tuman va shahar bosh rejalarini ishlab chiqishga 510 milliard so‘m ajratilgani, biroq bugungi kunda 163 ta tuman va shaharning bosh rejasi ishlab chiqilishi zarur bo‘lsa-da, 83 ta tuman va shaharning bosh rejasi haligacha yakuniga yetkazilmagani tanqid qilindi.
Yoki, bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratish va qurilish “genplan”ga zid ravishda amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida respublikada 814 ta bunday holat aniqlanib, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida ancha yuqori.
Boshqa bir misol, Namangan shahrining 2007 yilda tasdiqlangan bosh rejasida 2035 yilgacha aholi 630 ming nafarga yetishi prognoz qilinib, hisob-kitoblar qilingan. Vaholanki, bugungi kunning o‘zida Namangan shahri aholisi qariyb 1 million nafarga yetdi.
Yoki, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” 2024 yilga qadar yangi quvvatlarni ishga tushirib, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratadi. Bu kelgusi 4 yilda Zarafshon aholisi 100 ming nafardan (hozirda 84 ming nafar) oshib ketadi, degani.
Zarafshonning bosh rejasida esa (2008 yilda tasdiqlangan), shahar aholisi 2030 yilga borib 70 ming nafarga yetishi prognoz qilingan.
“Bir so‘z bilan aytganda, shaharlarning avval tasdiqlangan bosh rejalari aholi va iqtisodiyotning bugungi kundagi o‘sish sur’atlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi talablariga mos emas”,—dedi Prezident.
Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, “genplan”lar ishlab chiqilmasa, 2030 yilga kelib infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi hamda qishloq xo‘jaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.
“Umuman, qurilish bilan bo‘lib, arxitektura orqada qolib ketdi. Shu bois, mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi”, dedi davlat rahbari.
Hududlarning bosh rejalari va master rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashi tuziladi. Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi o‘rinbosari maqomi beriladi.
Shuningdek, tuman va shahar qurilish bo‘limiga arxitektor rahbarlik qiladi va hududning bosh arxitektori bo‘ladi. Respublika kengashiga Qurilish vazirligi Bosh arxitektori va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi. Viloyatlarda loyiha ofislari ochilib, ularga hokimning birinchi o‘rinbosari va viloyat bosh arxitektori bosh-qosh bo‘ladi.
Bosh va master rejalarni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 ta bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda Respublika kengashi hududning ixtisoslashuvi, transport-logistika, sanoat va xizmat loyihalarini joylashtirish uchun yer va infratuzilmaga ehtiyoji va chegaralarini belgilaydigan Bosh sxemasini ishlab chiqadi.
Bunda yaqin (5 yillik), o‘rta (10 yillik) va uzoq (20 yillik) muddatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar asosida viloyatning rivojlanish ko‘rsatkichlari belgilanadi.








