Nukusda sepilgan qizil bo‘yoq bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berildi
Uning inson salomatligiga zarari yo‘qligi taʼkidlangan.

Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda “Nukus ko‘chalari qonga to‘ldi” degan izoh bilan feyk xabar tarqalgan edi. Keyinchalik ushbu videoda qon emas, balki olomonni tarqatish uchun sepilgan qizil rangli maxsus suv ekanligi maʼlum qilingandi.
Holatga yana-da oydinlik kiritish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi komendaturasi qo‘shimcha maʼlumot berdi.
Qoraqalpog‘iston bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mayor A.Abduvaliyevning maʼlum qilishicha, haqiqatdan ommaviy tartibsizliklar bo‘lgan paytda odamlarni tarqatish maqsadida qizil bo‘yoq qo‘shilgan suv sepilgan. Bundan maqsad namoyishchilarni tezda tanib olish va ularni tinch aholidan ajratish bo‘lgan.
Ushbu bo‘yoq inson salomatligi uchun xavfsizligi taʼkidlangan.







