Ig‘vogarlar fitnasi
Nukusda ro‘y began voqealar ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi.

Xalqimizda “Bir kun urush bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi”, degan naql bor. Boisi, qut-baraka arigan yerda xotirjamlik, ertangi kunga umid ham so‘nadi. Ayrim g‘alamislar esa asl muddaolariga yetib, o‘z og‘a-inisiga musht tushirgan millat ustidan kulib ketaveradi.
O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladigan vatanimizdagi xalqlarning do‘stona hayoti, birodarchilik tutimlar asosidagi turmush tarzi havas qilarlidir.
Qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashayotgan, milliy bayramlarida bir-birini qutlayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, hayotdagi eng katta boylik tinchlik ekanligini chuqur his etasiz.
Biroq Qoraqalpog‘istonda ro‘y began voqealar hammamizni sarosimaga solib qo‘ydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-3 iyul kunlari Nukus shahriga tashrif buyurib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.
Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi. Bu esa Konstitusiyaning 70, 71, 72, 73, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, degani.
Shu nuqtai nazardan, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash barchamizning burchimizdir. Zotan, Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni hammamiz birgalikda quramiz.
Ko‘pni ko‘rgan kattalarimiz bilib aytishadi: etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi. O‘zbek va qoraqalpoq xalqini nafaqat yagona mamlakat, balki necha asrlik orzu-umid va intilishlar, yashash tarzi, urf-odatlar ham birlashtirib turadi.
O‘z vaqtida ikki xalq suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, birgalikda barcha sinovlarni yengib o‘tgan. Ammo tarix, qadriyat, an’analarni e’zozlamagan, o‘z manfaatini butun bir mamlakatning manfaatidan ustun qo‘ygan ayrim populistlarning noqonuniy harakati, chalg‘itishi tinch, osuda hayot kechirayotgan qoraqalpog‘istonliklarning tinchligiga rahna soldi.
Insoniyat yaratilibdiki, doimo o‘zi va atrofdagilarning ehtiyojlarini qoplashga, bugun kechagidan ko‘ra yaxshiroq yashashga intiladi. Tinimsiz mehnat qilish, sabr-qanoat qilish orqali o‘zi va oilasiga farovon turmush sharoitini yaratadi.
Bunday sharoitni yaratish esa o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Buning uchun turli xil mashaqqat, sinovlar, to‘siqlarga barham berishga, muttasil ravishda mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin eng achinarlisi, to‘kis, tinch hayot ayrim g‘alamislarga xush kelavermaydi. Qiyinchilik bilan erishilgan marrani buzib tashlashdan osoni yo‘q, aslida.
Prezidentning Qoraqalpog‘istonda favqulodda holatni e’lon qilish bilan bog‘liq farmonlarining tagzamirida ham doimo tinchlik, barqarorlik uchun intilgan, halol mehnat qilib o‘z oilasi, yurtiga foydasi tegayotgan xalqimizning manfaatini himoya qilish maqsadi turganini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Boshqacha aytganda, bunyodkor g‘oya buzg‘unchi g‘oyani mag‘lub etishiga erishishimiz uchun ham qoraqalpog‘istonlik hamyurtlarimiz ma’lum muddat ayrim turdagi cheklovlarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi.








