Yangiyer shahar hokimi betoblik sabab vafot etdi
Viloyat hokimligi uning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Yangiyer shahar hokimi Xo‘jayev Ilyor Axmad o‘g‘li betoblik tufayli bevaqt vafot etdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ilyor Axmad o‘g‘li 1977-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy. 1999-yilda Toshkent davlat agrar universitetini, 2009-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.
Faoliyati davomida Guliston shahar, Boyovut tumani Moliya bo‘limi rahbari, Guliston shahar hokimining birinchi o‘rinbosari kabi turli lavozimlarda ishlagan.
“Sirdaryo viloyati hokimligi jamoasi o‘zining ezgu so‘z, ezgu amallari bilan xalqimizga beminnat xizmat qilgan Xo‘jayev Ilyor Axmad o‘g‘lining oila a’zolari va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”,—deyiladi xabarda.








