Navoiyda 30 boshdan ziyod qo‘y noma’lum hayvon tomonidan bo‘g‘izlab ketilganiga rasmiy izoh berildi
Hodisa Xatirchi tumanida 9-iyul kuni kechasi sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 30 boshdan ortiq qo‘yni noma’lum hayvon bo‘g‘izlab ketgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yilning 9-iyulidan 10-iyuliga o‘tar kechasi Xatirchi tumani “Yangirabod” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolarga tegishli bo‘lgan qo‘y-echkilarga shoqol (chiyabo‘ri) tomonidan hujum qilingan.
Mazkur hodisaning kelib chiqish sabablari tuman IIB, veterenariya, SEOM va obodonlashtirish bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda. Ayni paytda 15 bosh qo‘y-echkilarga nisbatan davolash ishlari olib borilmoqda.
“Shu o‘rinda fuqarolarga ortiqcha vahima hamda xavotirga berilmasliklarini ta’kidlab o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.
Hozirda shog‘al (chiyabo‘ri)ni tutish uchun barcha ta’sir choralari ko‘rilgan bo‘lib, mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








