Ispaniya, Portugaliya va Fransiyada kuchli jazirama kutilmoqda
Yevropalik olimlarning fikricha, global iqlim o‘zgarishi tufayli janubiy Yevropada jazirama issiq kuchaya boshlagan.

Global haroratning oshishi bilan yuqori issiqlik to‘lqinlari yana-da kuchayishi kutilmoqda.
Fransiyaning Meteo France milliy meteorologiya xizmati mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, seshanba kunidan boshlab Fransiya janubi-g‘arbida va Rona vodiysida havo harorati Selsiy bo‘yicha 36-38 darajadan oshadi. Bu iqlim meʼyoridan yuqori.
Fransuz meteorologlari Marokash, Fransiya va Britan orollari o‘rtasida yuqori bosim zonasi rivojlanayotganini taʼkidladi. Bu Fransiyaga Marokash va Ispaniyadan issiq havo oqimini keltirib chiqaradi.
Ispaniya meteorologiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, bir kun avval Kandeleda munitsipalitetida havo harorati Selsiy bo‘yicha 43,3 darajaga yetgan. Sevilyada - 42,4 daraja. Ispaniyaning janubi-g‘arbiy shaharlari – Badaxos va Meridada ham 42 darajagacha issiqlik kuzatildi.
ispaniya sinoptiklarining prognozlariga ko‘ra, yaqin kunlarda mamlakatda anomal issiqlik faqat kuchayadi.
«Bu issiqlik haqiqatan ham favqulodda bo‘lishi mumkin», — dedi Ispaniya meteorologiya agentligi matbuot kotibi Ruben del Kampo.
Qo‘shni Portugaliyada dam olish kunlari havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilib, o‘rmon yong‘inlari va ulkan tutun bulutlari paydo bo‘ldi. Portugaliyada havo harorati dushanba kuni biroz pasaygan bo‘lsa-da, yaqin kunlarda yana ko‘tarilishi kutilmoqda. Shunday qilib, janubi-sharqdagi Evora shahrida 44 daraja harorat kutilmoqda.
«Yaqin kunlarda biz maksimal xavf sharoitlariga duch kelamiz», — dedi Portugaliya Bosh vaziri Antonio Kosta.
Portugaliya vazirlar mahkamasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hushyorlikning ozgina buzilishi sezilarli darajada yong‘inga olib kelishi mumkin.







