“Universitet” xiyobonidagi birorta daraxt kesilmaydi—hokimlik
Samarqand shahrida daraxtlar kesilgani bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi “Universitet” xiyobonida daraxt shoxlari kesib tashlanayotgani va ularga shikast yetkazilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirib, u yerdagi bironta daraxt kesilmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, nafaqat “Universitet” xiyoboni, balki shahardagi har bitta kichik daraxtning taqdiri nazoratga olingan va ularga o‘zboshimchalik bilan zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hokimlik “Universitet” xiyobonidagi holatga izoh berib, u yerda daraxt kesilishi ko‘zda tutilmaganini bildirdi.
“Daraxtlarning qurigan, notartib holatga kelgan va albatta u qadar yirik bo‘lmagan shoxlari kesilmoqda”, — deyiladi xabarda.








