O‘zbekistonda 200 000 so‘mlik banknotlar muomalaga chiqariladi
Markaziy bank uning muomalaga kiritilish sanasini ham ochiqladi.

Markaziy bank 15 iyuldan nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganini maʼlum qildi.
Mazkur banknot mavzusi (tematikasi) Buyuk Ipak yo‘li hamda mamlakat hududidagi Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.
O‘lchami 152 X 69 mm.
Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi Buyuk Ipak yo‘lining ramzi sifatida tuya va 200 000 raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 4 millimetrli ko‘k rangli, siljish effektiga, UZB yozuviga ega bo‘lgan, mikrooptik va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy rangi — firuza rangda bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan. Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.
Banknot old tomoni chap qismida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan XUDOYORXON O‘RDASI meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida 200 000 raqami, yuqori qism markazida O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI matni ko‘k va yashil ranglarda hamda yuqori o‘ng burchakdagi O‘zbekiston gerbi yashil rangda joylashgan. O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida latent (yashirin) tasvir UZ ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega. Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi IKKI YUZ MING SO‘M yozuvi va O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin. Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda tasvirlardagi aniqlik yo‘qoladi.
Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida ko‘rinuvchi naqshinkor bezakning yashil rangli fonida UZB 200000 SO‘M so‘zi qizil rangda tasvirlangan. Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan Buyuk Ipak yo‘li karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismida XUDOYORXON O‘RDASI meʼmoriy yodgorligidagi naqshinkor bezak tasviri registr vazifasini bajargani holda, old va orqa tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil bo‘ladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti bo‘lgan AXSIKENT ARXEOLOGIYA YODGORLIGI tasvirlangan.

Markaziy qismida mashhur Quva anorining ramzi sifatida anor tasvirida zamonaviy Spark live himoya elementi qo‘llanilgan bo‘lib, turli qiyalikda rang o‘zgarishi va siljish effektini hosil qiladi. O‘ng qismida Farg‘ona vodiysidagi arxeologiya yodgorligi topilmalari – miloddan avvalgi II ming yillikka tegishli bo‘lgan sopol idish va ikki boshli ilon ko‘rinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.
Yuqori chap qismida O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil 2022 chop etilgan. Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati 200 000 raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda IKKI YUZ MING SO‘M yozuvi tushirilgan. Pastki qismida O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA‘QIB QILINADI matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
200 000 so‘mlik banknotlar ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart ekani keltirilgan.







