Ukraina g‘allasini eksport qilish uchun koordinatsion markaz tuziladi
Istanbulda bo‘lib o‘tgan to‘rt tomonlama muzokaralar tafsilotlari ochiqlandi.

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha to‘rt tomonlama muzokaralar yakuni bo‘yicha maʼlumot berdi.
“Ijobiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralarda Istanbulda barcha tomonlar vakillari ishtirokida muvofiqlashtiruvchi markaz tuzish, portlardan chiqishni birgalikda nazorat qilish va kemalarning yo‘nalishi kabi texnik masalalarda kelishuvlarga erishildi”, – degan vazir.
Bundan tashqari, keyingi haftada Turkiyada yakuniy hujjatni imzolash uchun Rossiya va Ukraina vakillari uchrashadi. Akarning qo‘shimcha qilishicha, “don koridorlari” tuzish ishi BMT bilan koordinatsiyada amalga oshiriladi.
Antoniu Guterrish muzokaralar yakuniga baho berar ekan, uning oziq-ovqat inqirozini hal etishda o‘ta muhim ekanligini qayd etgan. Shu bilan birga Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishiga hali vaqt talab etilishi taʼkidlangan.
Maʼlumot o‘rnida: Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha to‘rt tomonlama muzokaralarda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT vakillari ishtirok etgan. Uning navbatdagi formati 13 iyul kuni Istanbulda, yopiq formatda o‘tkazildi.
Avvalroq Dmitriy Kuleba don eksporti masalasini hal qilish Moskvaga bog‘liqligini aytgandi.







