Amaldor nogironlar aravachasida shahar yo‘llarini tekshirdi (video)
Panduslardan birida aravacha ag‘darilib ketgan.

Qozog‘istonda mahalliy amaldorning nogironlar uchun qurilgan panduslarni tekshirish davomida kutilmagan qiyinchiliklarga uchradi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar berdi.
Hodisa Taldiqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan. AMANAT partiyasining mahalliy filiali kotibi Amanjol Jazikbayev yo‘l va xususiy obyektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni tekshirgan. U nogironlik aravachasida turli joylarda harakatlangan. Shahardagi dorixonalardan biriga kirishda esa uning aravachasi ag‘darilib ketgan.
“Boshim yorilishiga oz qoldi. Bu xususiy dorixona yonida bo‘ldi. Shaharda panduslar bilan muammolar borligini inkor qilmaymiz. Ayrim joylarda ular umuman yo‘q, boshqalarida noto‘g‘ri qurilgan. Bu ayniqsa, xususiy sektorda yaqqol ko‘rinadi. Ayrim tadbirkorlar uni deyarli 90 daraja qiyalikda o‘rnatgan. Albatta, bu imkoniyati cheklangan fuqarolarimizning noroziligiga sabab bo‘ladi”, – degan amaldor.
U jiddiy jarohatlanmagani aytilmoqda. Jazikbayevning so‘zlariga ko‘ra, mutasaddilarga kerakli ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan. Ular tez orada bu muammolarni bartaraf etishga vaʼda bergan.







