Bank xodimligidan Administratsiya rahbarligigacha
Sardor Umrzoqov qanday lavozimlarni egallagan?

16 iyul kuni Sardor Umrzoqov Prezident Аdministratsiyasi rahbari lavozimini egalladi. U o‘tgan haftada boshqa ishga o‘tkazilgan Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘rnini egalladi. Quyida Umrzoqovning ushbu lavaozimga qadar qaysi tashkilotlarda faoliyat olib borgani bilan tanishamiz.
1994 yildan 1998 yilga qadar u Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qigan. Shundan keyin bo‘lajak rahbar Britaniyadagi Reding universitetida magistr darajasini oladi.
Faoliyatini 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida boshlagan. 2003 yilda ushbu bankning Samarqand boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlanadi.
2004-2007 yillarda Umrzoqov Londonda, Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankida faoliyat olib borgani aytiladi. U hozir ham shu bankning boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari hisoblanadi.
2007-2013 yillarda amaldor O‘zbekiston moliya vazirligining turli tuzilmalarida mehnat qilgan.
2014-2017 yillarda esa “O‘zcharmpoyabzali” Assotsiatsiyasi raisi maslahatchisi, 2017-2018 yillarda shu tashkilot rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. 2018 yilda u qayta tashkil etilgan “O‘zcharmsanoat” assotsiatsiyasi raisi etib tayinlanadi.
2019 yil 28 yanvar kuni Umrzoqov hukumat tarkibiga kiritiladi. O‘sha yili u Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, 2020 yilda esa Bosh vazir o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimini egallaydi.
Bundan tashqari, Prezident Аdministratsiyasining yangi rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchisi, Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilari kengashi raisi ham hisoblanadi.







