Andijonda bolalarni urib, diniy ta’lim bergan shaxs ushlandi
U bu faoliyati bilan 2020-yildan buyon shug‘ullanib kelgan.

Buloqboshi tumanida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Andijon viloyati IIB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda boshqa xuquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Buloqboshi tumani fuqarosi A. I o‘z yashash xonadonida diniy bilimga va tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan holda 500.000 so‘m pul mablag‘lari evaziga 2020 yildan buyon “Qur’oni karim” va “Muallimi Soniy” kitoblaridan jami 27 nafar O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi voyaga yetmagan bolalarga diniy ta’limdan saboq berib kelayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, u diniy ta’limdan saboq berish jarayonida voyaga yetmagan bolalarni urib, tan jarohati ham yetkazgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv tadbirlari olib borilmoqda.








