Shimoliy Koreyani “DXR” va “LXR”ni tan olishga nima majbur qildi?
13-iyul kuni Pxenyan shunday harakatni amalga oshirgandi.

13-iyul kuni KXDRning Rossiyadagi elchisi Sin Xon Chxol tan olinmagan DXR elchisi Olga Makeva bilan uchrashdi va Shimoliy koreya ushbu “respublika”ni tan olishini bildirgan notani topshirdi. Tez orada yana bir “mustaqil” birlashma — “LXR”ga ham shunday hujjat taqdim etildi.
Qaysi omillar Pxenyanni xalqaro hamjamiyat fikriga qarshi borishiga olib keldi? Bu haqda Seuldagi Kukmin universiteti professori Andrey Lankov o‘z fikrlarini bildirdi.
Anʼanaviy qadam
KXDRning ushbu harakatlari aniq va anʼanaviy. Rossiyaning hozirgi tashqi siyosiy kursini Pxenyan yaxshi tushunadi. Shimoliy Koreyadagi “antiamerikanizm” boshqacha talqin qilinsa-da, Vashington bilan qarama-qarshilikdagi davlatlar ittifoqchi yoki hamkor sifatida qabul qilinadi.
Shu bilan birga mafkura shimolliklar siyosatida anchadan buyon hech qanday rol o‘ynamaydi. Ular ancha pragmatik yondashuvda — faqatgina davlat manfaatlari hisobga olinib qarorlar chiqariladi. Bunda qanday ritorika ishlatilayotgani umuman ahamiyatga ega emas.
“DXR” va “LXR”ning tan olinishi Pxenyanning Moskva bilan munosabatlariga to‘la mos tushadi.
Hozirgi vaqtda KXDR iqtisodiy jihatdan Xitoyga o‘ta qattiq bog‘lanib qolgan. Amerika-Xitoy qarama-qarshiligi boshlanganidan so‘ng amalda Pekin bu davlatni o‘z qaramog‘iga oldi. Aynan XXR yordami Shimoliy Koreya iqtisodiyotining to‘la barbod bo‘lmasligiga olib keldi. Moddiy ko‘makdan tashqari, Pxenyan shimoldagi qo‘shnisidan kuchli diplomatik yordam ham oladi. Aynan Xitoyning qatʼiy pozitsiyasi tufayli BMT xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaga yangi sanksiyalar joriy etmayapti. So‘nggi yillarda shu mazmundagi rezolyutsiyalarga xitoyliklar veto qo‘yib kelmoqda.
Ammo KXDR faqatgina bir tomonga suyanib qolmasdan, Moskvadan ham maʼlum darajada panoh izlamoqda. Rasmiy Pxenyan Rossiya bilan savdo va iqtisodiyot hamkorlikning chuqurlashishiga umid qilmasa ham bo‘ladi. RFning Xitoyga nisbatan mablag‘i kam, bundan tashqari, Kreml o‘z resurslarini Shimoliy Koreyaga bermoqchi emas. Albatta, ayrim manfaatli nuqtalar ham bor. Masalan, ruslar KXDRdan keladigan arzon ishchi kuchiga muhtoj. Pxenyan ham bunga qarshi emas, sababi migrantlar ishlab topgan pulning katta qismi mamlakat g‘aznasiga kelib tushadi.
Bundan tashqari, “DXR” va “LXR” variantlari sanksiyalar rejimini chetlab o‘tishga ham yordam berishi mumkin. masalan, shimollik ishchilar rasman Donbassga borishi, u yerdan esa Rossiyaga o‘tib ketishi mumkin.
Asosiy sabab iqtisodiyotga bog‘liq emas
Ammo Shimoliy Koreyaning bu qadamni tashlashga majbur qilgan asosiy sabab iqtisodiyot emas. Pxenyan RFning qo‘shimcha diplomatik qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirmoqda.
Ukraina inqirozining boshlanishi bilan KXDR Moskvani doimiy ravishda qo‘llab kelgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. Masalan, mart oyida BMT Bosh assambleyasida qabul qilingan Rossiya harakatlari qoralangan rezolyutsiyaga Shimoliy Koreya vakillari qarshi ovoz berdi. Endilikda ular “DXR” va “LXR”ni tan olish orqali yana-da keskin qadam tashladi.
KXDR rahbariyati bunga javoban Rossiyaning BMTdagi ijobiy harakatlarini kutmoqda. Xususan, rus diplomatlari Pxenyan uchun muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hujjatlarni bloklab qo‘yishi, yangi sanksiyalar joriy qilinishini to‘xtatib turishi mumkin.
Joriy vaziyatda Shimoliy Koreya faqatgina bir masalada yo‘qotishga duch keldi: Ukraina bilan rasmiy munosabatlar uzildi. Ammo bu uncha qo‘rqinchli emas, sababi inqirozgacha ham Kiyev bilan iqtisodiy aloqalar hajmi juda kam edi.







