Samarqand va Sirdaryoda o‘qishga kirituvchi firibgarlar ushlandi
Ular salkam 10 ming AQSH dollari bilan qo‘lga tushgan.

Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida o‘qishga kiritish hamda o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D. V. boshqa bir fuqaro A. ni tanishlari orqali Qozog‘iston Respublikasidagi universitetlardan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3-kursiga o‘qishga kiritib, keyinchalik o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishi evaziga 3500 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, D. V. fuqaro M. ni qo‘shni Tojikiston Respublikasidagi universitetga o‘qishga kiritib, O‘zbekistonga ko‘chirib berish evaziga 3000 AQSH dollari olganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Guliston tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F. G. boshqa bir fuqaro R.ni tanishlari orqali Ukraina Respublikasidagi universitetlardan birida o‘qiyotganligi haqida hujjat qilib, o‘qishini Guliston Davlat universitetiga ko‘chirib berish evaziga 3 200 AQSH dollari so‘rab, shundan 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








