AQSHda poliomielit kasalligi aniqlandi
U insonga ifloslangan suv orqali yuqadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida poliomielit bilan kasallangan bemor aniqlandi. Bu haqda “Associated Press” nashri xabar bermoqda.
Bu deyarli 10 yil ichida kasallikning qayd etilgan birinchi holatidir. Kasallik aniqlangan bemorning ahvoli haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Poliomiyelit AQSHda bir vaqtlar eng xavfli kasalliklardan biri bo‘lib, har yili uning avj olish natijasida minglab falaj holatlari, ayniqsa, bolalar orasida qayd etilgan. Emlash 1950-yillarning o‘rtalarida boshlangan. Natijada 1960-yillarga kelib u deyarli yo‘q bo‘lib ketgan. 1979-yilda AQSH rasmiy ravishda poliomiyelitdan xoli bo‘ldi. Biroq vaqti-vaqti bilan ushbu kasallik aniqlangan.
Poliomielit odamdan odamga yoki ifloslangan suv orqali yuqadi. Ushbu kasallik faqat ikki davlatda, Afg‘oniston va Pokistonda saqlanib qolgan. Ammo vaqti-vaqti bilan Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlarida paydo bo‘ladi.








