“Marhamattumangaz” xodimlari 300 dan ortiq gaz ballonini o‘zlashtirib yubordi
Fuqarolar ehtiyoji uchun ajratilgan ballonlarning umumiy qiymati 163, 8 mln so‘m bo‘lgan.

Marhamat tumanida suyultirilgan gaz ballonlarini talon-toroj qilish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Marhamattumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi moddiy javobgar shaxslari tomonidan filial balansida bo‘lgan fuqarolarning ehtiyojlari uchun foydalaniladigan jami 303 dona 163,8 mln so‘mlik suyultirilgan gaz ballonlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








