Ukrainaga tanklarga qarshi ishlab chiqilgan samolyot berilishi mumkin
Pentagon bu masalani ko‘rib chiqmoqda.

AQSH Ukrainaga A-10 Warthog samolyotlarini berishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda New York Times xabar berdi.
Gazeta maʼlumotlariga ko‘ra, bu har ikki davlat manfaatlariga mos keladi. A-10 Warthog hujumkor samolyot hisoblanib, u “sovuq urush” yillarida Sovet tanklariga qarshi kurash maqsadida ishlab chiqilgan. Ammo uning ancha eskirgani sababli Pentagon ushbu texnikalardan “qutulish” yo‘llarini qidirmoqda.
Shu bilan birga harbiylar Kongressdan bu masala yuzasidan rozilik ololmayapti. Kongressmenlar ushbu samolyotlar modernizatsiyasi uchun katta mablag‘ ajratishda davom etmoqda.
AQSH harbiy-havo kuchlari vaziri Frenk Kendall shu haftada bir necha bor A-10 Warthog flotini Ukrainaga berish haqida gapirdi. Harbiy-havo kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Charlz Braun esa Kiyevga G‘arb samolyotlarini taqdim etilishi mumkinligini maʼlum qildi.







