Buxoroda 9 oylik chaqaloq dalaga tashlab ketildi
Holat yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida chaqaloq bug‘doyzorga tashlab ketilgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rasmiy izoh berdi.
Aniqlanishicha, 22-iyul kuni soat 16:07 da viloyat IIBning “102” raqamiga Gʻijduvon tumani “Ko‘lijabbor” MFY Ko‘hna Nayman qishlog‘ida joylashgan “Shukur To‘xta” fermer xo‘jaligining dala maydoni yoqasidagi (kapa) shiyponda shaxsi aniq bo‘lmagan taxminan 9 oylik bola topib olinib, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilganligi haqida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabar Gʻijduvon tumani IIB Navbatchilik qismida qayd qilinib, tezkor tergov guruhi tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan va kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsi aniq bo‘lmagan taxminan 9 oylik bola Gʻijduvon tuman tibbiyot birlashmasi bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘limida shifokorlar nazoratiga olingan bo‘lib, holat yuzasidan Gʻijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.








