Samarqandda ommaviy janjal uyushtirmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Holat yuzasidan 6 kishi qamoqqa olingan.

Pastdarg‘omda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan katta janjalning oldi olindi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Pastdarg‘om tumani Zangiboy mahallasi hududidagi oshxonalarning birida ovqatlanib o‘tirgan ikki nafar shaxslarga Pastdarg‘om tumani Baxshiboy mahallasida yashovchi, ularga oldindan tanish bo‘lgan Sindor, Asadbek, Ramziddin, Kamron, Ma’ruf hamda Alijon ismli shaxslar mast holatda hech bir sababsiz baqir-chaqir qilib, yonlariga chaqirishgan va ular bilan salomlashmaganligini vaj qilib, janjal ko‘tarishgan.
Samarqand viloyati IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, hodisa joyiga IIBning tezkor xodimlari hamda Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari yetib borib, barcha shaxslar ushlanib, janjalning oldi olingan.
Aniqlanishicha, Pastdarg‘om tumanidagi “Zangiboyi” va “Baxshiboyi” mahallalarida yashovchi ushbu shaxslar o‘rtasida oldindan kelishmovchilik bo‘lgan.
Holat yuzasidan ushbu janjalga yetakchilik qilgan 6 nafar shaxslarga nisbatan Samarqand viloyati IIB xuzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlar JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.








