Buxorolik erkak 2 ta kaptar sabab 2 yilga qamaldi
U qushlari yo‘qolgani uchun qo‘shnisining mashinasini yoqib yuborgan.

Buxoroda qo‘shnisining mashinasini yoqib yuborgan shaxs 2 yil muddatga qamaldi, deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, Gʻijduvon tumanida yashovchi A. R. mahalladoshi, kabutar boquvchi fuqaro F. B.ga uyida kabutar saqlashga qiziqishi ortayotganini aytib, undan 13 dona kabutar keltirib berishini so‘ragan. Ko‘p o‘tmay olib kelingan kabutarlarning ikki donasi yo‘qolgan. A. R. esa qo‘shnisidan yo‘qolgan kabutarlarni topib berishini talab qilgan. Shunda qo‘shnisi kabutar uchib ketgan bo‘lishi mumkinligini evaziga bir dona o‘zining kabutarini berishini va ikkinchi kabutar uchib qaytib kelmasa, keyinroq yana bir dona kabutar berishini tushuntirgan.
Jahli chiqqan A. R. o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, uyida benzin sotuvchi A. ismli tanishining oldiga borib, u bilan spirtli ichimlik ichgan. Kechki payt uyiga qaytguncha tanishidan benzin olib, kabutar sotuvchi qo‘shnisi F. B.ning hovlisi oldida turgan Lacyettiga benzin sepib, yoqib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Dastlabki tergov-surishtiruv ishlari davomida A. R.ning jabrlanuvchiga 86 mln 397 ming 465 so‘mlik moddiy zarar yetkazgani aniqlanib, tegishli tartibda jarima belgilangan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi qo‘llanilib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.








