Namanganda iste’molga yaroqsiz 1130 litr yog‘ mahsuloti yo‘q qilindi
Uni ishlab chiqargan tadbirkorga jinoiy jazo tayinlagan.

Majburiy ijro byurosi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituvidagi hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida sifati kafolatlamagan, yashirin syexda ishlab chiqarilgan 1130 litr paxta chigitidan olingan yog‘ mahsuloti yo‘q qilindi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 12 fevral kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi fuqaro B. M. “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan jamiyatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun hech qanday hujjatlarsiz yashirin syex tashkil etib, paxta chigitidan qo‘lbola usulda yog‘ ishlab chiqarayotgani aniqlangan. O‘tkazilgan tadbir davomida paxta chigitidan ishlab chiqarilgan yog‘ mahsuloti va uskunalar ashyoviy dalil deb topilib, jinoyat ishiga qo‘shilgan.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan sud hukmi bilan fuqaro B. M.ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlangan. Bundan tashqari sud hukmida 1130 litr paxta chigit yog‘i iste’molga yaroqsiz deb topilgan va yo‘q qilish belgilangan.
Umuman olganda Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga joriy yilning 6 oyida jami 31 ta yo‘q qilish bilan bog‘liq umumiy qiymati 72 mln. so‘mlik hujjatlar kelib tushgan. Ijrosini ta’minlash maqsadida alkogol, tamaki kabi 10 dan ortiq turdagi mahsulotlar yo‘q qilingan.








