Qashqadaryolik erkak qaynsinglisini o‘ldirib qo‘ydi
U voqeadan oldin ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochib ketgan.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 17 iyul kuni erkak o‘z qaynsinglisini o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda “Nasafnews” nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi tumanidagi “Kojor” MFYda yashovchi, viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida hisobda turuvchi M. P. o‘z qaynsinglisini oftoba bilan urib, o‘ldirib qo‘ygan. Mahalla raisi Alisher Eshnazarovning aytishicha, erkak voqea sodir bo‘lishidan avval shifoxonadan qochib chiqqan.
“O‘ta tajovuzkor ruhiy kasal qanday qilib shifoxonadan chiqib ketgani, nazoratsiz qolgani bo‘yicha bizni e’tirozlarimiz bor. Asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi nazoratni kuchaytirmas ekan bu kabi jinoyatlar yana qayerdadir takrorlanishi mumkin”, — degan rais.
Qo‘shimcha qilinishicha, ruhiy kasal erkak oilasidan alamzada bo‘lgan. Avval ham shifoxonadan qochib chiqib, farzandiga jarohat yetkazgan. Rais viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi ma’muriyati va xodimlarini bu kabi bemorlarga qarashda e’tiborsizlik qilayotganini, oqibatda bemorlar tez-tez shifoxonadan qochib chiqayotganini, bu holat jiddiy o‘rganilishi kerakligini alohida ta’kidlagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.








