Jizzaxda Neksiya urib yuborishi oqibatida 69 yoshli fuqaro vafot etdi
Haydovchi hodisadan so‘ng voqea joyidan qochib ketgan.

Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida haydovchi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Hodisa Gʻallaorol tumani “Mirzabuloq” MFY hududidan o‘tgan 4R-41 avtomobil yo‘lining 1 kilometrida soat 22:40 atrofida sodir bo‘lgan. Tegishli idora xodimlari avtohalokat joyiga yetib borishganda jabrlanuvchi tan jarohatlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgani ma'lum bo‘lgan.
Qidiruv natijalariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasini Zarbdor tumani “Nurobod” MFYda yashovchi 23 yoshli Neksiya haydovchisi sodir etgani aniqlangan.
Ayni paytda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.








