O‘zbek huquqshunos olimalari haqida kitob taqdimoti o‘tkazildi
Kitob Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan nashr qilingan.

23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida Sudyalar oliy kengashining tashabbusi bilan nashr qilingan “Uch mashhur o‘zbek ayoli” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kitobda mashhur o‘zbek huquqshunos ayollari - Xadicha Sulaymonova, Mamlakat Vosiqova va Halima Muhitdinovaning ibratli hayoti va faoliyati arxiv materiallari, tarixiy dalillar hamda ularning zamondoshlari, shogirdlari xotiralari asosida ochib beriladi. Ularning O‘zbekiston yurisprudensiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi haqida kitobda muhim maʼlumotlar bor.
Asar ustida jarayonida alohida ahamiyat qaratilgan masalalardan biri bu – o‘zbek huquqshunosligining yaqin yuz yillik tarixida ayollarimizning tutgan o‘rini, ko‘rsatgan fidoyiliklarini bugungi avlodga ibrat qilib ko‘rsatishdir.
Taqdimotda ishtirok etgan sud-huquq tizimi faxriylari, prokuratura, adliya va sud sohasi xodimlari, taniqli olimlar, shoir-yozuvchilar so‘zga chiqib, ushbu kitobning amaliy ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

“Bu uch ayol mamlakat tarixida katta iz qoldirgan. Ular O‘zbekiston yurisprudensiyasi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.Xadicha Sulaymonova haqida qancha gapirsak oz. U yurisprudensiya sohasida akademik darajasiga erishgan yagona ayol bo‘lib qolmoqda”, – degan sud faxriysi, sobiq adliya vaziri Alisher Mardiyev.







