Xitoy “Yangi ipak yo‘li” loyihasi uchun 2022 yilda eng ko‘p qaysi davlatga sarmoya kiritgan?
Asosiy eʼtibor Yaqin Sharqqa qaratilgani aytilmoqda.

Xitoy “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi doirasida bu yil eng ko‘p Saudiya Arabistoniga investitsiya kiritgan. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
“Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi 2013 yilda Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan. U ko‘p sonli davlatlar ishtirokida xalqaro savdo-investitsion loyihalarni faollashtirishni nazarda tutadi. Hozirga qadar unga 150 davlat qo‘shilgan.
Pekin loyiha doirasida 2022 yilda saudiyaliklar bilan 5.5 milliard dollarlik kelishuvga erishgan. 2021 yilda esa Iroqdagi infratuzilmaviy loyihalar uchun 10 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb qilingandi.
Eʼtiborlisi, global maydonda eng yaqin hamkori bo‘lgan Rossiyaga Xitoy ushbu dastur doirasida bu yil umuman investitsiya kiritmagan. “Financial Times” 2022 yilda bu ko‘rsatkich nolga tushib qolganini yozgan.







