Toshkentda ikkita ko‘cha bir oyga yopilmoqda
Shahar hokimligi cheklov sababini ma’lum qildi.

Ertaga, 28-iyuldan boshlab Toshkent shahrining Chilonzor va Sergeli tumanlarida ikkita ko‘cha bir oyga yopiladi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l qurilishi ishlari olib borilishi munosabati bilan Chilonzor tumanining Chilonzor ko‘chasi Muqimiy ko‘chasi bilan kesishgan joyidan Gagarin haykaligacha bo‘lgan qismida avtomobillar harakati cheklanadi. Bu davrda haydovchilar Chilonzor tumani Arnasoy ko‘chasidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, yo‘l va metro qurilishi ishlari olib borilishi sababli Sergeli tumanining Dadaxo‘jayev ko‘chasi Quruvchilar mavzesidan Xonobod ko‘chasigacha bo‘lgan qismida avtomobillar harakati to‘xtatiladi. Bu davrda haydovchilar Sergeli tumanining I. Yakubov va Belariq ko‘chalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.








