Shavkat Mirziyoyev Turkiya ichki ishlar vazirini qabul qildi
Uchrashuvda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida huquqni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuv avvalida vazir Sulaymon Soylu O‘zbekiston rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Turkiya tomoni sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida tizimli idoralararo sheriklikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekani qayd etilgan.
Suhbatda faol muloqotlarni, axborot almashishni va ilg‘or tajribani o‘rganishni davom ettirish, uyushgan, shu jumladan kibermakondagi jinoyatchilik, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik va noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.








